Joriy yilning 6-8 iyun kunlari Buxoro shahrida Turizm qo‘mitasi, Buxoro viloyati va shahar hokimliklari, viloyat turizm boshqarmasi, «Hunarmand» uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan XXI an’anaviy xalqaro «Ipak va ziravorlar» festivali bo‘lib o‘tdi. Joriy yilgi festivalda Afg‘oniston, Eron, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan 50 nafardan ortiq xorijiy hunarmandlar, shuningdek, O‘zbekistonning turli hududlaridan 200 nafardan ziyod mahalliy ustalar qatnashdi.
«Ipak va ziravorlar» festivali Buxoroda yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Bu davr mobaynida ushbu festival xorijiy va mahalliy mehmonlar orasida yetarlicha shuhrat qozonib ulgurdi.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilib, shu yil 21-marotaba o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro «Ipak va ziravorlar» festivali ham hunarmandchilik, madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi an’analarni qayta tiklashga xizmat qilishi bilan birga aholi va sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishi yo‘lida yana bir muhim qadam hisoblanadi.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari an’anaga muvofiq «Ark» qo‘rg‘onidan «Labi hovuz» majmuasigacha bo‘lgan yo‘nalishda rangin yurish amalga oshirdi. «Labi hovuz»da tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov hamda Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov yig‘ilganlarni bugun nishonlanayotgan Qurbon hayiti bayrami hamda festivalning ochilishi bilan qutladi.
Festival dasturi doirasida Buxoro shahridagi «Abu Ali ibn Sino» nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida XXI an’anaviy “Ipak va ziravorlar” festivali doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Buxoro shahrida bo‘lib o‘tayotgan XXI an’anaviy “Ipak va ziravorlar” festivalida Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaaxmedov ham ishtirok etib, bir-biridan betakror hunarmandchilik mahsulotlari bilan bezatilgan pavilyonlarda hunarmandlar bilan festival taassurotlari haqida suhbatlashdi.
An’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali doirasidagi mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida “Silk&Spicyes Fashion days” maxsus modalar namoyishi o‘tkazildi.
Bayramona kunda Buxoro viloyat “Hunarmand” boshqarmasi, Buxoro tuman bo‘limi a’zosi zardo‘z usta, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Ro‘ziyeva Xurshida va Kogon tumani bo‘limi a’zosi milliy qo‘g‘irchoqlar yasash bo‘yicha hunarmand Ra’noxon Jo‘rayeva Buxoro viloyat hokimligi tomonidan “Faol hunarmand” sertifikati bilan taqdirlandilar.
Ark» qo‘rg‘oni orqa maydonida milliy hunarmandlikni rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda turizmni ravnaq toptirishga qaratilgan “Ipak va ziravorlar festivali”ning tantanali yopilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Marosimga respublikamiz va xorijiy davlatlarning hunarmandlari, dizaynerlar, olimlar va ekspertlar, viloyat faollari, mehnat faxriylari, mamlakatimizning va xorijning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlarda katta kuzatuvchilariga ega infofaollar, yoshlar tashrif buyurdi.
Tadbir boshlandi. Tantanada so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov festival ishtirokchilari va mehmonlarini Buxoroga tashrifi bilan qutladi. Viloyat rahbari qayd etganidek, butun olamga yaxshi tanilgan Buxoroi sharif mintaqamizda eng ko‘p sayyoh va mehmon tashrif buyuradigan markazlardan biri sanaladi.
Bu yilgi festivalda 10 dan ziyod xorijiy mamlakatlardan 100 ga yaqin taniqli hunarmandlar, respublikamiz hududlaridan 1,5 mingdan ortiq usta hunarmand va ziravorchilar o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Eng e’tiborlisi, 3 kun davomida ushbu festivalga 70 ga yaqin mamlakatlardan 20 mingdan ziyod sayohlar kelgani hamda respublikamiz hududlaridan qariyb yarim millionga yaqin aholimiz tashrifi bu bayramning nufuzi va ko‘lami kengayib borayotganidan yaqqol dalolatdir.
Uch kun davomida viloyati aholisi va mehmonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan XXI an’anaviy «Ipak va ziravorlar» xalqaro festivalining yopilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturi o‘z nihoyasiga yetdi. Marosim yakunida bayramona salyutlar otildi.