“Hunarmand” jurnalining taqdimoti: an’anaviy san’atni targ‘ib etuvchi yangi bosqich
O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan “Hunarmand” jurnalining navbatdagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashr respublikamizdagi hunarmandchilik sohasini rivojlantirish, uning tarixiy ildizlari, zamonaviy holati va istiqbollari haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga xizmat qiladi.
Jurnal yiliga to‘rt marta — o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda yetakchi usta hunarmandlar bilan eksklyuziv suhbatlar, amaliy san’atning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-analitik maqolalar, unutilayotgan yoki kam o‘rganilgan an’analar haqida maxsus materiallar joy oladi.
Jurnal sahifalarida shuningdek, respublikamizda va xorijda o‘tkazilgan hunarmandchilik ko‘rgazmalari, festivallar, ijodiy ustaxonalar faoliyati, yosh hunarmandlarning muvaffaqiyatlari hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida ham ma’lumotlar beriladi. Bu esa nashrni nafaqat axborot manbai, balki hunarmandlar va soha mutaxassislari uchun ilhom manbaiga aylantiradi.
Taqdimot chog‘ida jurnalni keng auditoriyaga yetkazish, uni viloyat va tuman miqyosidagi hunarmandlarga yetkazish, shuningdek, raqamli platformalarda ham ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu bilan “Hunarmand” jurnali nafaqat bosma nashr, balki raqamli resurs sifatida ham keng qamrovli axborot manbai bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur jurnal hunarmandchilik sohasidagi kashfiyotlar, yangiliklar, tarixiy tahlillar va dolzarb mavzularni birlashtirgan holda, mamlakatimizda kреатив iqtisodiyot rivojiga xizmat qiluvchi muhim nashrga aylanmoqda.