Sharq olamida Samarqand qog‘ozlari Misr qog‘ozi kabi keng omma tomonidan foydalanila boshlandi. Bunga ayniqsa IX-X asrlarga kelib, ko‘pgina fors va arab tilidagi asarlar va qadimiy qo‘lyozmalar aynan Samarqand qog‘oziga yozilishi yaqqol misol bo‘la oladi.
Ming yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z faoliyatini san’at darajasiga yetkazgan samarqandlik hunarmand-qog‘ozgarlar dunyoda eng yupqa, silliq hamda siyohni ko‘p shimmaydigan, o‘ta chidamli noyob qog‘oz turlarini ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdi. Jumladan oq rangli «Samarqand sulton qog‘ozi» o‘zining yupqaligi, silliqligi va yumshoqligi bilan boshqa qog‘oz navlaridan alohida ajralib tursa, «Samarqand shoyi qog‘ozi» sifat jihatdan undan qolishmasa-da, rangi och sariq – novvot rangda bo‘ladi. «Mir Ibragimi» qog‘oz turi yuzida oq rangdagi dumaloq shaklli suv tomchi izlari bilan qoplangan bo‘ladi. «Nimkanop» turi esa ipak qoldiqlari hamda po‘stloq tolalari bilan qorishtirib tayyorlangani uchun, u dolchin rangda bo‘ladi. Ushbu qog‘oz turlarini yaratishda xomashyo sifatida paxta, ipak va tut daraxti po‘stlog‘idan keng foydalaniladi.
Samarqand qog‘ozi haqida temuriyzoda hoqon, Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida shunday deydi: «Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqadi, Juvozi qog‘ozlar suyi tomon Konigildin keladur, Konigil Siyob yoqosidadurkim, bu suvni Obi rahmat ham der edilar».
1995 yilda Buxoro viloyatining Kogon shahrida o‘tkazilgan «Tarixiy yodgorliklarni saqlash» mavzusi bo‘yicha YuNESKOning xalqaro konferensiyasida asosiy e’tibor yo‘qolib borayotgan qadimiy xalq hunarmandchiligi amaliy san’atini rivojlanishiga qaratildi. Tadbirda turli viloyat va shaharlardan ishtirok etgan usta hunarmandlar qatorida samarqandlik Zarif Muxtorov ham olamga dong taratgan va asrlar davomida yo‘qolib ketgan Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan qatnashdi.
Tarixiy qo‘lyozma va kutubxonalardagi qadimiy manbalardan uzoq izlanishlar olib borganidan so‘ng, turli rivojlangan mamlakatlarda qog‘oz ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqqan hunarmandlar sulolasining davomchisi Zarif Muxtorov bu amaliy san’at turini o‘z xonadonida qayta tiklash harakatiga tushdi.
1995 yildan 2002 yilga qadar o‘tkazilgan sinov-tajribalardan so‘ng Zarif Muxtorov Samarqand qog‘ozi yaratilishi sir-sinoatlarini to‘la o‘zlashtirib, «Konigil» qishlog‘ining Siyob anhori oqib o‘tadigan eng so‘lim go‘shasida hukumatimiz, YuNESKO va Yaponiyaning «JEIKA» xalqaro agentligi ko‘magida «Konigil-Meros» qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilik markaziga asos soldi. Hozirgi kunga qadar mazkur markazda O‘rta Osiyo hududlarida keng tarqalgan, mevasi iste’molga yaroqli bo‘lgan, aholi orasida «balx tuti» deb ataladigan tut navi po‘stlog‘idan turli xildagi Samarqand qog‘ozlari ishlab chiqarilmoqda.
Albatta, har bir hunarning o‘ziga yarasha mashaqqatlari va quvonchli damlari bor. Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonida balxtut novdalari bir necha kun suvda ivitib qo‘yiladi. Undan keyin po‘sti shilinib, po‘stloq ustidagi qo‘pol jigarrang qismi pichoq bilan ajratiladi. Tozalangan sarg‘ish rangli po‘stloqlar qozonda 5-6 soat qaynatiladi va shundan so‘ng ular yog‘ochdan yasalgan o‘g‘irlarda 7-8 soat davomida mayin tolalarga aylangunicha maxsus to‘sinlar orqali tuyib maydalanadi.
Keyingi bosqichda mayin tolasimon po‘stloqlar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va to‘rtburchak shakldagi suzg‘ichlardan o‘tkaziladi. Ho‘l qog‘ozlar 8-10 soat davomida taxtakachga bostirib qo‘yiladi, so‘ngra ular birma-bir silliq joyga yopishtiriladi. Yakunlov jarayonida har bir qog‘oz silliq marmar tosh ustiga qo‘yiladi va chig‘anoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qog‘ozi tayyor bo‘ladi.
Hozirgi kunda «Konigil-Meros» hunarmandchilik dargohida Zarif Muxtorov boshchiligida mahallada istiqomat qiluvchi yoshlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shaharning bir chetida joylashgan bu hunarmandlik markazi milliy qadriyatlarimiz e’zozi sifatida qadimiy Samarqand qog‘ozlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ajdodlarimizning bundan ming yillar ilgari ham o‘z hunar va san’atlarini dunyoga ko‘z-ko‘z qilganliklarini isbotladilar. Bu esa maqtovga arzigulik sa’yi-harakatlardir va Samarqandga keladigan har bir chet ellik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.