SOZGARLIK SAN’ATI USTASI

Andijonlik sozgar usta Abdumalik Madraimov madaniyatga, san’atga ishtiyoqi tufayli 1974 yildan xalq hunarmandchiligining milliy musiqa sozlarini ta’mirlash va yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Natijada IX-XVI asrlarda bobokalonlarimiz tomonidan yaratilgan keyinchalik unutilib ketgan tarixiy mumtoz musiqa asboblarining nusxalarini qaytadan tiklab kelmoqda, hamda ularning yangi zamonaviy nusxalarini yaratish bilan shug‘ullanmoqda.

Usta o‘zining 44 yillik faoliyati davomida Abu Nasr Farobiy, Al Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Abduraxmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muxammad Bobur kabi siymolarining ilmiy-falsafiy va badiiy, tarixiy asarlarini qunt bilan o‘rgandi. Ayniqsa Kamoliddin Bexzod miniatyuralarida aks ettirilgan soz va sozandalar ustani qiziqishini yanada kuchaytirdi. Natijada uzoq yillik mexnati evaziga «GʻIJJAKI BOBURIY», «DILRABO», «DILNAVO», «MEROS», «XUSHNAVO», «QO‘SHTOR» deb nomlangan ajoyib sozlar kashf etildi. Yaratilgan yangi sozlarning tovush tebranishlari malakali mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Usta yaratgan mumtoz sozlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Temuriylar tarixiy Davlat muzeyida, Andijondagi Z.M. Bobur nomidagi muzeyining doimiy ko‘rgazmasida, nafaqat yurtimizda, balki Angliya qirollik muzeyida hamda Yaponiya san’at muzeylaridan ham o‘rin olgan.
Usta respublikamizda o‘tkazilayotgan barcha ko‘rik tanlovlarda ishtirok etib faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Usta o‘zidagi tajribani yoshlarga o‘rgatib 40 dan ortiq shogirdlar tayyorladi. 1996-yildan boshlab milliy musiqa asboblarining noyob xamda yagona kolleksiyasini yaratish borasidagi ishlarini nihoyasiga yetkazdi. 1997 yildan boshlab musiqa maktablari va san’at bilim yurtlari uchun ham cholg‘u asboblari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
1997 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bo‘lib o‘tgan «Tashabbus-1997», 2005 yilda «Tashabbus-2005» ko‘rik tanlovlarida ishtirok etib, viloyatda birinchi o‘rinni egallab 1- darajali diplom sohibi bo‘ldi, Respublikada esa «Eng yaxshi hunarmand» nominatsiyasining laureati bo‘lishga erishdi.

Hozirda usta Madraimov Abdumalikdan zamonaviy texnologiyalar asosida cholg‘u asboblari tayyorlash sirlarini o‘rgangan 20 dan ortik yoshlar “Gʻijjaki Boburiy” oilaviy korxonasida musiqa asboblarini ishlab chiqarish bo‘yicha ish bilan ta’minlandi.
Madraimov Abdumalikning 45 yillik ilmiy izlanishlari natijasida yuqorida nomlari keltirilgan cholg‘u asboblari qatoriga “Gʻijjaki Boburiy” cholg‘u asbobining hozirgi kun talablariga mos keladigan “Gʻijjaki Boburiy alt” “Gʻijjaki Boburiy Bas”, “Gʻijjaki Boburiy Kontrabas” kabi cholg‘u asboblari ixtiro qilinib, “Gʻijjaki Boburiy” oilaviy korxonasi tomonidan ishlab chiqarish boshlandi va bugungi kunda Gliyer nomli ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi hamda Andijon musiqa va san’at bilim yurtida foydalanilmoqda.
Ustaning maqsadi, milliy musiqa asboblari hamda ularning noyob kolleksiyalarini yaratish va “Temuriylar davridagi cholg‘u asboblari” kitobini nihoyasiga yetkazishdir. U yo‘qolib borayotgan an’analarimizni qayta tiklash orqali kelajak avlodga yetkazish ishtiyoqi bilan yashamoqda.

Oldingi Samarqand kashtachiligi: Barmoqlarda yaralayotgan mo’jiza

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.