Ushbu xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tkazilib kelinmoqda.
Xalqaro tadbir xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Xalqaro miqyosdagi anjumanning Buxoro shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki Buxoro qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari, ayniqsa zardo‘zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan. Usta-shogird an’analari asosida hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Buxoro shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
2022 yilda Butunjahon Hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga Butunjahon hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.
Festivalda Respublikamizning barcha hududlaridan zargar, zardo‘zlar hamda hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ishtirok etib kelmoqda.