Janubiy Osiyoda joylashgan Quvayt davlati dunyoning iqtisodi taraqqiy etgan mamlakatlari sirasiga kiradi.
Hududi jihatidan uncha katta bo‘lmasada Quvayt tabiiy yer osti resurslariga boyligi, turistik imkoniyatlari kattaligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda ikki davlat aloqalarini yanada taraqqiy ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish uchun imkoniyatlar katta.
Ana shu aloqalarning mantiqiy davomi sifatida hunarmandchilik sohasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda asrlar davomida hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, ular bilan o‘zbek xalqi dunyoga mashhur. Ta’kidlash joizki, hunarmandchilik mamlakat madaniy hayotining ulkan qismiga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi bosh qarorgohi Londonda joylashgan Butunjahon Hunarmandchilik Kengashiga (WCC) a’zo bo‘lganligi o‘zbek hunarmandlarining xalqaro hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, ularning xorijda ko‘rgazmalarini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Quvayt davlati bilan ham hunarmandchilik sohasida hamkorlik ishlari olib borilgan. 2019 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan Birinchi Hunarmandchilik festivalida ilk bor quvaytlik hunarmandlar ham o‘z hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etgan. Undan so‘ng Ikkinchi Hunarmandchilik festivali, Buxoroda o‘tkazilgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalida ham quvaytlik hunarmandlar o‘z hunarmandchilik mahsulotlari bilan qatnashdi.
Quvaytda o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida ham o‘zbek hunarmandlari munosib ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazmada dastur asosida O‘zbekiston amaliy san’ati va fotoko‘rgazmalar taqdimoti jumladan, xalq hunarmandchiligi va amaliy san’ati buyumlari namoyishi (xattotlik, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, kandakorlik, kashtachilik, atlas va adras); O‘zbekiston turistik salohiyati va madaniy obidalari taqdimoti, «O‘zbekiston-bag‘rikeng diyor» nomli davra suhbati, xattotlik bo‘yicha master-klasslar o‘tkazilgandi.
Marg‘ilon shahridan milliy matolar ustasi, Ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi 1-o‘rin g‘olibi, 10-avlod sulola davomchisi Abdullox Mirzaaxmedov Quvayt davlatida o‘tkazilgan ko‘rgazma ishtirokchisi.
-Albatta milliy matolarimizni xorijliklar hayajon bilan ko‘rib xarid qilgandi, deydi Abdulloh Mirzaahmedov. – Matolarning sifati, rangi, ipagi va to‘qilishi quvaytlik xaridorlarni ham o‘ziga rom etgandi. Ular bu matolardan xarid qilib, uning to‘qilish jarayoniga ham qiziqish bildirgan.
Kelgusida ham ikki mamlakat hunarmandlari tajriba almashishi va hamkorlikni mustahkamlash borasida ish olib boriladi.