O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov joriy yilning 14 noyabr kuni Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favkulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy janoblari bilan uchrashib, suhbatlashgan edi. Suhbat davomida Muhammad Ali Iskandariy janoblari Eronning O‘zbekistondagi elchixonasiga mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan usta-hunarmandlarni taklif etgandi.
Mazkur taklifga binoan bugun O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov hunarmandchilikning gilamchilik, zargarlik, zardo‘zlik, kulolchilik va miniatyura yo‘nalishlarida respublikamizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan usta-hunarmandlar bilan birgalikda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida amaliy san’at va xunarmandchilik sohasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, asbob uskuna, xom ashyo bilan ishlashda tajriba almashish, hunarmandchilikda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Eron elchisi o‘zbekistonlik hunarmandlardan tashkil topgan delegatsiyani ikki mamlakat hunarmandlari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga yuborish taklifini berdi. Ushbu taklif uyushma raisi hamda hunarmandlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, eronlik hunarmandlar Toshkentda, o‘zbekistonlik hunarmandlar esa Texronda hunarmandchilik ko‘rgazmalarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishib olindi.