Central Asian Expo (CAEx) Uzbekistanda (Yangi O‘zbekiston bog‘i yaqinidagi Yangi Ekspomarkaz)da “CRAFT FAIR UZBEKISTAN” III xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-77-sonli Qarorining 9-bandida 2022 yildan boshlab, har yili “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasini tashkil etib borilishi belgilangan.
Bu yil uchinchi bora o‘tkazilayotgan “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Respublika «Hunarmand» uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasi Rasuljon Mirzaahmedov, Investiеsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, faxriy hunarmandlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Ushbu xalqaro yarmarkada respublikamizning barcha hududlaridan 100 nafardan ortiq mahalliy hamda Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi xorijiy mamlakatlardan 15 nafar hunarmandlar ishtirok etmoqda.
Yarmarkada O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik yo‘nalishlarida mashhur hunarmand ustalar tomonidan mahorat darslari ham o‘tkaziladi.
Jumladan, usta kulol Mirzabaxrom Abduvaxabov, kashtachi Zuxra Oblaberdiyeva, sozgar Abdumalik Madraimov, zargar Toxir Muxamedovlar kabi mashhur hunarmandlarning mahorat darslarini tomosha qilish bilan birgalikda ularda ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.
Shu o‘rinda aytish lozimki, har yili respublikamiz hududlarida 100 dan ortiq milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, festivallar, yarmarkalar tashkil etiladi va ularni hunarmandlarimiz orziqib kutadilar.
Sababi, bunday tadbirlarda hunarmandlarimiz o‘z mahsulotlarini sotibgina qolmay, ma’naviy ozuqa olib, madaniy hordiq chiqaradilar, o‘zaro tajriba almashadilar, xorijiy mamlakatlardan kelgan hunarmandlar bilan do‘stlik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar. “Craft fair Uzbekistan” xalqaro yarmarkasi ham ana shunday an’anaga aylanib qoladigan ko‘rgazma-savdo bo‘lib qoladi, albatta.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlar yurtimizga kelayotgan ko‘plab sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mazkur yarmarkaning o‘tkazilishi ham avvalo hunarmandchilikda xalqaro savdoni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, yarmarkada taqdim etilayotgan mahsulotlar ichki bozorda ham o‘z xaridorlarini topadi.
Bunday tadbirlarning tashkil etilishi hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarining savdosiga ko‘maklashish, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz haqida ma’lumot berish, targ‘ib qilish, yoshlarga hunar o‘rgatishdan iborat.