Hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha davra suhbati va ‘Hunarmand’ jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2025-yil 14-aprel kuni soat 11:00 da O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hunarmand” uyushmasi majlislar zalida “Hunarmandchilikni rivojlantirish: an’anaviy san’atdan innovatsion biznesgacha” mavzusida davra suhbati hamda “Hunarmand” jurnalining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi PF-16-sonli Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, soha olimlari, san’atshunoslar, dizaynerlar hamda yetakchi hunarmandlar ishtirok etdi.

Tadbirda Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda “HUMO DOCUMENTARY” MChJ o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ta’kidlanganidek, memorandumda tomonlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning madaniy merosini, shuningdek an’anaviy hunarmandchilik san’atini saqlash va ommalashtirish, hunarmandchilik merosi bo‘yicha hujjatli filmlar, multimedia loyihalari va raqamli arxivlarni yaratish va targ‘ib qilish, qo‘shma ko‘rgazmalar, festivallar va madaniy tadbirlarni tashkil etish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, an’analarni yosh avlodga yetkazishga qaratilgan ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini o‘tkazish, hunarmandchilikning kashtachilik, milliy o‘yinchoqlar yasash, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, milliy cholg‘u asboblarini yaratish kabi turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, “HUMO DOCUMENTARY” MChJ tomonidan O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo madaniy merosini saqlash va ommalashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan platforma taqdimoti o‘tkazildi.

“Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan “Hunarmand” jurnalining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu jurnal yiliga to‘rt marta o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etiladi.

“Hunarmand” jurnalining birinchi soni o‘zbek amaliy san’atining ko‘p asrlik an’analariga, hunarmand ustalarimizning badiiy tajribasiga yangicha nigoh bilan qarashga yo‘naltirilgan nashrdir. Jurnal mazmuni yetakchi usta hunarmandlar bilan suhbatlar, badiiy hunarmandchilik rivojining tendensiyalari va e’tiborga molik ko‘rgazmalar haqidagi tahliliy maqolalar, kam o‘rganilgan yoki unutilayotgan an’analarga bag‘ishlangan materiallar hamda tarixiy ocherklarni o‘z ichiga oladi.

Kreativ iqtisodiyot – ijod, intellektual qobiliyat, shuningdek innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘idir.

“Hunarmandchilikni rivojlantirish: an’anaviy san’atdan innovatsion biznesgacha” mavzusidagi taqdimot hunarmandchilikni zamonaviy bozorlarga moslashtirish, dizayn va texnologiyalar orqali yangi qiymat yaratish, yoshlar va ayollarni jalb etgan holda barqaror daromad manbai shakllantirishga qaratilgan. Bunda asosiy yo‘nalishlar – an’anaviy mahsulotlarni zamonaviy dizayn, ekologik materiallar va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, ustalar va dizaynerlar o‘rtasida hamkorlik, mahsulotlarni standartlashtirish (mahalliy va xalqaro tajriba) kabi masalalar belgilandi.

Standartlashtirish bo‘yicha taqdimotda (mahalliy va xalqaro tajriba), brendlash va marketing, mahsulotlarning xalqaro bozorga chiqishi uchun “Made in Uzbekistan” brendi ostida sertifikatlash kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Tailand kreativ hunarmandchiligi bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi.

Tadbirda hunarmandlar ishtirokida fashion-week, dizayn yarmarkalarida qatnashish, mahsulotlarni eksport qilishda yengilliklar va subsidiya mexanizmlari, turizm bilan integratsiyalashgan xizmatlar (madaniy tur, ustaxona safari) kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Tadbirda yetakchi hunarmandlar ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari hamda mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritdilar.

Oldingi Hurmatli hunarmandlar! Milliy brend egalari diqqatiga!

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.