O‘zbekiston kulolchilik san’atining eng boy merosini saqlab qolgan maskan hisoblanadi.
Kulolchilik san’ati – milliy hunarmandchilikning eng muhim, shu bilan bir qatorda qadimiy tarmoqlaridan biri. Kulollar tomonidan yaratilgan sopol buyumlar go‘zalligi, bejirimligi bilan inson ko‘nglini shod qilsa, uy-ro‘zg‘or ishlarida ham keng foydalanish imkonini beradi.
E’tiborga molik jihati, mamlakatimiz har bir hududining biri boshqasini takrorlamaydigan kulolchilik maktablari, an’analari bor.
San’atshunoslarga ko‘ra, XX asrdan hozirgi O‘zbekiston hududlarida asosiy maktablar va markazlar tashkil topdi. Toshkent, Samarqand, Urgut, Buxoro, Gʻijduvon, Shahrisabz, Kitob, Kattako‘rg‘on, Denov markazlari mujassamligidagi Samarqand-Buxoro maktabi, Rishton va Gʻurumsaroy markazlarini o‘zida ifoda etgan Farg‘ona maktabi, Xonqa, Modir qishlog‘i, Kattabog‘, Chimboy markazlarini o‘zida jamlagan Xorazm maktabidir. Har bir markaz o‘ziga xos mahalliy xususiyatlarini saqlagani, bunda hech bir kulolchilik maktabi boshqasini takrorlamasligi ahamiyatga molik.
Masalan, Rishton kulochiligida sabza, zumrad, moʻtadil yashil ranglar, o‘ta nafis naqshlar ustuvor bo‘lsa, Gʻurumsaroy kulolchiligida naqshlarning ancha yirikligi, sarg‘imtir, jigarrang, olovranglar ustuvorligini ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Rishtonda 20 dan ortiq katta hunarmand shuningdek, ularning 7 mingga yaqin o‘quvchisi yashab, mehnat qilmoqda. Usta va hunarmandlarning har biri 30 dan 50 oilani ish bilan ta’minlaydi – mahalliy aholi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib badiiy kulolchilik namunalarigacha bo‘lgan tayyor mahsulotlarni uyda bo‘yash bilan shug‘ullanadi. Shunday qilib, rishtonlik kulollarning o‘ziga xos an’ana va ko‘nikmalariga asoslangan holda aholining keng qatlamlari yirik kapital qo‘yilmalarisiz ish o‘rinlari va barqaror daromad bilan ta’minlanmoqda.
Kulolchilikni nainki kasb, balki hayot tarzi, umr mazmuniga aylantirgan usta va hunarmandlarning ijod namunalari hatto chet elliklar tomonidan ham yuksak e’tirof etilgan. Rishtonlik Alisher Nazirov, toshkentlik Akbar Rahimov, g‘ijduvonlik Alisher Narzullayev, Urgut maktabining sakkizinchi avlod davomchisi Noʻmon Obloqulov kabi ustalari ijodi nainki uy-ro‘zg‘orni, balki dunyodagi bir qator muzeylarni ham bezab turibdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda bu san’at turini rivojlantirish, kulolchilik an’analarini milliy iftixor ramzi sifatida har bir xonadon, mahalla hamda idora va tashkilotlarda keng targ‘ib qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada o‘zbek kulolchilik san’ati mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, boshqa mamlakat kulollari bilan hamkorlik ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda milliy hunarmandlikning barcha turlarini asrab-avaylash, uni rivojlantirish yo‘lidagi ezgu harakatlar eng murakkab sharoitda ham usta va hunarmandlar faoliyatini saqlab qolish imkonini berdi. Bu jihatlar milliy hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari kabi kulolchilik sohasida ham o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
