Gilamlarda bitilgan tarix – Xivada ilk xalqaro ko‘rgazma o‘tkazildi O‘tmish jilolari, bugungi an’analar va kelajak sari ilhom

Gilamlarda bitilgan tarix – Xivada ilk xalqaro ko‘rgazma o‘tkazildi
O‘tmish jilolari, bugungi an’analar va kelajak sari ilhom

Asrlar osha ajdodlarimiz bunyod etgan gilamchilik san’ati xalqimizning madaniy xotirasi, badiiy tafakkuri va milliy g‘ururini ifoda etib kelgan.
Gilam — bu faqat badiiy buyum emas, balki xalqning ruhi, turmush tarzi va dunyoqarashini mujassam etgan madaniy timsoldir.
Shu boy merosni asrab-avaylash, rivojlantirish va jahon sahnasida munosib tarzda namoyon etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-sonli “Hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 12 maydagi 210-sonli “Gilamchilik sohasini rivojlantirish va milliy gilam mahsulotlari bozorini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilning 18–19 oktyabr kunlari tarixiy Xiva shahrida ilk bor “Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazma uchun zamonaviy sharoitlarga ega “Arda Xiva” majmuasi tanlandi. Bu yerda sahna va podiumlar bezatilib, mahalliy va xorijiy ustalar uchun 35 ta maxsus chodir o‘rnatildi — shularning 20 tasi mahalliy, 15 tasi esa xorijiy ishtirokchilar ixtiyoriga berildi. Tadbirda O‘zbekistonning 14 hududidan 70 nafar mahalliy hunarmand va Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Erondan 34 nafar ustalar ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmaning markaziy qismi — “Gilamda bitilgan tarix” nomli ekspozisiya bo‘ldi. Bu yerda an’anaviy naqshlar, tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan gilamlar, zamonaviy dizayndagi asarlar va tarixiy fotomateriallar namoyish etildi. Har bir gilam go‘yo xalqning taqdiri, mehnati va orzusidan hikoya qilardi.
Ko‘rgazma doirasida “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: an’ana va innovatsiya” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda Eron, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistondan 16 nafar olim va mutaxassis ishtirok etdi. Ma’ruzalarda tabiiy bo‘yoqlar texnologiyasi, eksport salohiyati, yangi dizayn yondashuvlari hamda yo‘qolib borayotgan gilamchilik turlarini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida an’anaviy “Eng yaxshi gilamdo‘z”, “Eng yosh hunarmand”, “Qadimiy gilamchilik turini tiklagan usta” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi

“Qadimiy gilamchilik turini tiklagan usta”
1-o‘rin — Davletov Ilhom (O‘zbekiston)
2-o‘rin — Teshaboyeva Bayanxon (Qirg‘iziston)
3-o‘rin — Naubetova Altinoy (O‘zbekiston)

“Eng yosh hunarmand”
1-o‘rin — Sulaymonov Afasadiq (Ozarbayjon)
2-o‘rin — Saparbay Aklu (Qozog‘iston)
3-o‘rin — Golova Chinora (Qirg‘iziston)

“Eng yaxshi gilamdo‘z”
1-o‘rin — Matkarimov Madraxim (O‘zbekiston)
2-o‘rin — Qosimov Ulug‘bek (O‘zbekiston)
2-o‘rin — Sattorqulov Primqul (Tojikiston)
3-o‘rin — Mingboyev Oybek (O‘zbekiston)

“O‘zbekiston gilamdo‘zlik san’atiga qo‘shgan munosib hissasi uchun” — Sultonov Ibrohim (O‘zbekiston)
“Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi nafaqat gilamchilik sohasining yangi bosqichiga turtki berdi, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamladi. Gilamda bitilgan naqshlar, ranglar va shakllar orqali xalqlar tarixi, ruhi va do‘stlik rishtalari yorqin ifoda topdi. Bu anjuman hunarmandlar, olimlar va dizaynerlar uchun yangi ilhom va tajriba maydoni bo‘ldi.

Gilam satrlarida bitilgan taqdirlar
Ilhom Davletov — an’anani qayta tiriltirgan usta
O‘zbekistonning mashhur gilamdo‘zi Ilhom Davletov “Qadimiy gilamchilik turini tiklagan usta” nominatsiyasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Uning asarlarida Xorazm gilamchilik maktabiga xos ranglar uyg‘unligi va geometrik naqshlarning o‘ziga xos ta’rifini ko‘rish mumkin. Ilhom usto zamonaviy texnologiyalarni an’anaviy usul bilan uyg‘unlashtirish orqali qadimiy gilam tuzilishida yangi nafosat yarata oldi. Uning gilamlari nafaqat bezak, balki tarix va tafakkurning bitiklaridir.
Madraxim Matkarimov — ranglar tilida so‘zlaydigan hunarmand
“Eng yaxshi gilamdo‘z” nominatsiyasining g‘olibi Matkarimov Madraxim o‘z asarlarida tabiiy ipak, to‘q ranglar va qo‘lda bo‘yalgan jundan foydalanish orqali tabiat ifodasini jonlantiradi.
Uning gilamlari Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo an’anaviy naqshlaridan ilhomlanib, zamonaviy kompozisiya bilan boyitilgan. Matkarimov uchun gilam — bu na faqat san’at, balki mehnat, sabr va irodaning timsolidir.
Sultonov Ibrohim — merosni asrab kelayotgan usta
“O‘zbekiston gilamdo‘zlik san’atiga qo‘shgan munosib hissasi uchun” maxsus sovrin bilan taqdirlangan Sultonov Ibrohim nafaqat usta sifatida, balki ustoz sifatida ham tanilgan shaxs.
Uning qo‘lidan yetishgan o‘quvchilar bugungi kunda turli viloyatlarda faoliyat yuritmoqda. Ibrohim usto gilamdagi har bir tugun orqali milliylik, sabr va mehrni namoyon etadi.
Uning fikricha: “Har bir gilam — bu xalq ruhining badiiy qiyofasi.”
Sulaymonov Afasadiq — yosh avlod ichidagi hunarmand
Ozarbayjonlik yosh hunarmand Sulaymonov Afasadiq “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasida 1-o‘rinni egalladi.
Uning asarlari zamonaviy uslub bilan milliy naqshlarni birlashtirishi bilan ajralib turadi. Afasadiqning “Ipak yo‘li orzusi” nomli gilami ko‘pchilik tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi — u bu asar orqali Turkiston madaniyatlari birligi g‘oyasini ifoda etdi.
Yosh bo‘lishiga qaramasdan, u xalqaro sahnada gilamchilikning yangi nafasi sifatida tanilmoqda.
Nilufar Xotamova

Oldingi «Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmani o‘tkazish DASTURI

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.