Аxsikent GiZ tashkiloti bilan bir necha yildan beri samarali hamkorlik qilib keladi. Buning natijasi oʼlaroq ikki bor xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro konferentsiya tashkil etildi. Аxsikent delegatsiyasi GiZ koʼmagida ITB Berlin xalqaro turizm koʼrgazmasida ishtirok etdi. Germaniyaning Zolingen shahri va Аxsikent-Chust hamkorligi oʼrnatish boʼyicha Zolingen safari tashkil etildi.
– Аxsikentda buyuk tarix bilan toʼqnashdik. Biz ish faoliyatimizda Аxsikent bilan bogʼliq loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin. Bu ikki tomon uchun ham samarali boʼladi, – deydi GiZning Qirgʼizistondagi loyiha rahbari Xanna Zabass.
14-16 oktyabr kunlari Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti loyihasi doirasida jamoatchilik turizm tarmogʼini rivojlantirish boʼyicha seminari boʼlib oʼtgandi. Unda Fargʼona vodiysida turizm sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, amaliy yechimlar izlangandi.
– Аxsikent – Fargʼona vodiysi turizm tarmogʼida eng muhim boʼgʼindir. Xorijiy sayyohlarning asosiy lokatsiyalaridan boʼlgan 3000 yillik tarixga ega ushbu maskan boʼyicha istiqbolda qator loyihalarimiz bor, – deydi GiZning Namangan viloyatidagi vakili Farhod Mirzabaev.
Hozirda Аxsikentga gʼarb mamlakatlaridan keladigan sayyohlar uchun maqbul tur paketlarni ishlab chiqish boʼyicha ish olib borilmoqda. 17-21 noyabr kunlari Germaniya turfirmalari vodiyga tashrif buyuradilar. Tashrif obʼektlari orasida Аxsikent arxeologiya parki va SilkGranat milliy hunarmandchilik va turizm markazi ham mavjud.
SilkGranat rahbari Marina Djabbarova 3-13 noyabrь kunlari GIZ koʼmagida Germaniya safarida boʼlib, BerlinBazaar xalqaro hunarmandchilik yarmarkasida ishtirok etadi.