Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Rishton kulolchiligi

Rishton kulolchiligi

Necha ming yillik tarixga ega Rishton kulolchiligi buyumlari ikki yo‘nalishda: mahalliy ustozlardan meros an’anaviy usulda hamda sovg‘abop qilib (kimyoviy komponentlar bilan) tayyorlanadi. Mazkur buyumlar takrorlanmas islimiy uslubda chizilgan naqshu nigorlari va jilodor moviy ranglari bilan mashhur. Rishton sopol mahsulotlarining xaridorbop bo‘lishi va dunyo brendiga aylanishida hududdagi soz tuproqning ahamiyati katta. Bu tuproqdan tayyorlangan loy shakl…

Necha ming yillik tarixga ega Rishton kulolchiligi buyumlari ikki yo‘nalishda: mahalliy ustozlardan meros an’anaviy usulda hamda sovg‘abop qilib (kimyoviy komponentlar bilan) tayyorlanadi. Mazkur buyumlar takrorlanmas islimiy uslubda chizilgan naqshu nigorlari va jilodor moviy ranglari bilan mashhur. Rishton sopol mahsulotlarining xaridorbop bo‘lishi va dunyo brendiga aylanishida hududdagi soz tuproqning ahamiyati katta. Bu tuproqdan tayyorlangan loy shakl berish osonligi, shiradorligi va olovga chidamliligi bilan ajralib turadi. Rishton kulolchiligida XV-XVI asrda ishlatilgan shakllar hozirgi kunda ham kulollar ijodida qo‘llanadi.

An’anaviy kulolchilikda ranglar yorqin bo‘lishi uchun fon berilishi kerak. Ustalar tilida bu loyalash deyiladi. Tog‘li hududlardan olingan oq tosh, ya’ni kvars maydalanadi va suyuq loy holiga keltirib, buyum yupqa loyalanadi. An’anaviy sopol idishlar ikki xil usulda tayyorlanadi: a) buyumning loyalangan holatida gul chizilib, rang berilib, sirlanadi va xompazda pishirib olinadi; b) loyalangandan keyin pishirilib, so‘ngra naqsh solib, ishqorlanadi va yana 1050 S° da obdon pishiriladi. Hunarmandlar turli metall oksidlaridan yashil, feruza, qora va jigarrang, sariq, moviy bo‘yoqlarni tayyorlashadi.

Rishton an’anaviy kulolchiligida qizil rang deyarli qo‘llanilmaydi. Asosan tabiatdan olingan islimiy naqshlar, qalampir, anor, chorgul (dunyoning to‘rt tomoni ramzi), parizox (qush pati) kabi bezak turlari ishlatiladi. Kulolchilikning eng muhim jarayoni sirlashdir. Qirqbo‘g‘im, guloba kabi giyohlar me’yoriga yetib yashil tusga kirganida uyum qilib yig‘iladi va o‘sha joyning o‘zida yoqiladi. Bu jarayonda giyohlar tarkibidagi tuzli suvlar shiraga aylanib, qotishma holiga keladi. Qotishmalar 1200 S° qizdirilgan pechkaga solinsa, shishasimon modda hosil bo‘ladi. U bilan idishlar ishqorlanadi, ya’ni sirlab chiqiladi. Sir buyumdagi ranglarni jilodor ko‘rsatib berishga xizmat qiladi.

Author: Uyushma axborot xizmati