Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining Xorazm viloyatidagi amaldagi faoliyati va istiqbolli rejalari

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining Xorazm viloyatidagi amaldagi faoliyati va istiqbolli rejalari

         Xorazm viloyati o‘zining strategik joylashuvi va tarixiy asoslari bilan O‘rta Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston hayotida muhim o‘rin egallaydi. U yerda zargarlik, chitgarlik, kandakorlik, ipak va jun gilam to‘qish, kulollik, milliy mato to‘qish, sozgarlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarlar taraqqiy etgan. Bu yerda barcha sohalar kabi hunarmandchilik ham asrlar davomida rivojlangan va XX asr…

         Xorazm viloyati o‘zining strategik joylashuvi va tarixiy asoslari bilan O‘rta Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston hayotida muhim o‘rin egallaydi. U yerda zargarlik, chitgarlik, kandakorlik, ipak va jun gilam to‘qish, kulollik, milliy mato to‘qish, sozgarlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarlar taraqqiy etgan. Bu yerda barcha sohalar kabi hunarmandchilik ham asrlar davomida rivojlangan va XX asr o‘rtalariga kelib tanazzulga yuz tuta boshlagan.

         Bugungi kunda kandakorlik, gilam to‘qish, olacha matosini to‘qish, naqqoshlik, miniatyura, milliy bosh kiyimlar tayyorlash, kulollik, kashtado‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarlar rivojlanmoqda. Sulola davomchilari va hunarmandlar o‘zlarining betakror ijod namunalarini yaratmoqdalar. Xorazmda kulolchilikning Yangiariq va Madir maktablari, ipak gilam to‘qish va yog‘och o‘ymakorligi maktablari davomchilari tomonidan yaratilayotgan asarlar beqiyosdir.

         O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi  “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni  har tomonlama qo‘llab-quvvatlash  chora-tadbiralari to‘g‘risida”gi PF-5242-sonli Farmon qabul qilingunga qadar viloyatda 489 nafar hunarmand “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda uyushma a’zolari 2632 nafarni tashkil etmoqda. Ayrim raqamlarga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak masalan, yog‘ochdan tayyorlangan xalq hunarmandchiligi mahsulotlari yo‘nalishida – 329 nafar; qimmatbaho metalldan yasalgan zargarlik buyumlari yo‘nalishida – 82 nafar; bosh kiyimlar tayyorlash yo‘nalishida – 19 nafar; qo‘lda gilam to‘qish yo‘nalishida – 15 nafar; kashtachilik yo‘nalishida – 10 nafar; musiqa asboblari yo‘nalishida – 4 nafar hunarmand faoliyat olib boradi. Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar soni – 19 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilda 1180 nafar fuqaro yangi hunarmand sifatida  a’zo qilindi.

         Xozirgi kunda viloyatda yo‘qolib borayotgan hunar turlarini qayta tiklash bo‘yicha Urganch tumanida yashovchi kandakor usta Sotimboy Kosimov  ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan xamkorlikda 10 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarni hunarga o‘rgatish maqsadida usto-shogird maktabini tashkil qilish ishlari olib borilmoqda.

         Shu o‘rinda  O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi  bilan hamkorlikda viloyatda  40 nafar hunarmand hunarga o‘rgatish bo‘yicha shartnoma imzolagan bo‘lib, 280 nafar ishsiz fuqarolar hunar o‘rganmoqdalar.

         “Hunarmand” uyushmasi tomonidan ayniqsa, oxirgi uch yil davomida respublikaning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan hunarmandlarning faoliyatidagi muammolar, ularning yechimlariga e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, oxirgi uch yil davomida viloyatda hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan 78 nafar fuqaro ustaxona qurish uchun yer maydoni, 3 nafar fuqaroning savdo do‘koniga muhtojligi aniqlangan. 5 nafar fuqaro ustaxonasini doimiy elektr energiyasi va gaz ta’minoti bilan ta’minlanishini so‘ragan. Bu to‘g‘risida Uyushma o‘z vakolatidan kelib chiqib, barcha tuman xokimliklariga xat orqali yozma murojaat qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2019 yil 10-15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazildi.

         Mazkur tadbir xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, madaniy aloqalarni xalqaro miqyosda kengaytirish, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash va qayta tiklash maqsadida o‘tkazildi. Shu o‘rinda aytish kerakki, mahalliy hunarmandlar tomonidan festival o‘tkazilgan kunlari 8 mlrddan ortiq hunarmandchilik mahsulotlari sotildi. Har kuni festivalni tomosha qilish uchun 200 ming nafardan ortiq aholi tashrif buyurdi. Festival doirasida barcha viloyatlar qatori Xorazm viloyati ham faol ishtirok etdi  “Innovasion mahsulot yaratgan hunarmand” nominasiyasi bo‘yicha xorazmlik Oybek Bog‘ibekov g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi va ushbu nominasiiya g‘oliblariga  500 dollardan pul mukofotlari topshirildi.

         Aytish lozimki, oxirgi uch yil davomida Uyushmada halqaro hamkorlik borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, yil davomida o‘tkaziladigan xorijiy ko‘rgazmalar ro‘yxati shakllantiriladi va yil boshida barcha viloyatlarga e’lon qilinadi. Shu bilan birgalikda uyushmaning veb sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Uyushma Axborot xizmati tomonidan ham mazkur ko‘rgazmalarning ro‘yxati bilan birgalikda ko‘rgazma haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.

         Joriy yilda pandemiya sababli, butun dunyoda tadbirlar qoldirilganligi hammaga ayon. Pandemiyaga qadar tashkil etilgan tadbirlarda jumladan, 2020 yil fevral  oyida Hindistonning Xaryana shtatida Osiyodagi eng yirik hunarmandchilik festivallaridan biri “Surajkund Mela” 34-Xalqaro Hunarmandchilik festivalida xorazmlik Sharipov Boltaboy Quranboyevich  faol ishtirok etganligini aytish mumkin.

         Mamlakatimizda turistik marshrutga kiritilgan ob’yektlarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va bu bozordan Xitoy mahsulotlarini chiqarish bo‘yicha hukumat tomonidan tegishli qarorlar tasdiqlangan. Ammo barcha turistik marshrutga kiritilgan madaniy meros obektlari davlat ijara markazlari orqali ijara sharnomasi asosida belgilangan tartibda hunarmandga ,tadbirkorga xam birdek topshirilish tizimi mavjudligi sababli sotilayotgan mahsulotlarni nazorat qilish mexanizimi mavjud emas. Bu masalani nazorat qilish uyushma vakolatiga kirmaydi.

         Uyushma tomonidan viloyatda hunarmandchilikning esdalik buyumlari tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Shuningdek, mahsulotlar tayyorlash va sifatini oshirish borasida seminar ham o‘tkazildi. Pandemiya sharoitida hunarmandchilik mahsulotlarining onlayn savdosini tashkil etish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rildi. Internetda va ijtimoiy sahifalarda uyushmaning Uzcraftcom nomi bilan onlayn do‘konlari tashkil etildi. Hunarmandlarni mahsulotlarini onlayn savdosini yuritish, mahsulotlarini  internetga joylashtirish va shuning doirasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida viloyatlarda jumladan Xorazm viloyatida ham o‘quvlar qilindi.

      O‘zbek va turkman xalqlarining qadim maskani bo‘lgan “Ulli Hovli” majmuasi Urganch tumanida joylashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Xiva xonligi davrida turkmanlar istiqomat qilishi uchun maxsus barpo etilgan. 17-asrda qurilgan tarixiy majmuada qadimiy o‘tovlar, hovlilar, turkman madaniyati namunalari, turli osori-atiqalar, ularni o‘rab turgan qo‘rg‘on hozirga qadar saqlanib qolgan. Majmuaga tashrif buyurgan inson o‘zini o‘zbek-turkman xalqlarining o‘zaro do‘stona muhitda yashagan o‘sha davrga tushib qolgandek his qiladi. Ulli Xovlida hunarmandchilik markazi tashkillashtirilib, hunarmandlarga ustaxonalar ajratilib berilgan.Ulli Xovli hunarmandchilik markazi sifatida turizm yo‘nalishiga kiritilgandan so‘ng faoliyat olib boradi. Ayni paytda hunarmandlar Ulli Hovli mulkdori bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishlari mumkin.

         O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga asosan Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida kulolchilik markazi tashkil etildi. “Yangiariq kulolchilik markazi”ning SMETA xujjatlari OOO “DIZAYN MUSO” tashkiloti tomonidan tayyorlangan bo‘lib, Hunarmand” uyushmasi tomonidan, shuningdek, Xorazm “Xududgaz”   MChJ tomonidan mablag‘lar ajratildi. Nafaqat ushbu viloyatda balki respublikaning boshqa hududlarida ham katta loyihalarni amalga oshirish rejasi bor, ko‘plab viloyatlarda hunarmandchilik markazlari qurib bitkazildi. Markazlarni qurish albatta, moliyaviy mablag‘ga ham bog‘liq. Uyushma bor imkoniyatlarini ishga solib kelgusida yana yirik hunarmandchilik markazlarini barpo etilishiga kuch sarflaydi. Bunda hunarmandlarning tashabbuslari va viloyat, tuman hokimliklarining qiziqishi, imkoniyat yaratishiga ham bog‘liq albatta.

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi ni o‘tkazish uchun joylarda viloyat hokimliklari va respublikada vazirliklar bilan tajribasi bor mutaxassislardan xay’at a’zolari tayinlanadi va ular qilingan ishlarni, xisobotlarni, o‘rganib chiqishgandan so‘ng bayonnoma tuzilib, kimga o‘rinlar, kimga esa nominasiya bor ekanligi xay’at a’zolarining kelishuvi bilan hal qilinadi. “Hunarmand” uyushmasi vakillari xay’at a’zolari tarkibiga kiritilmaydi va g‘olibni aniqlash jarayonida ishtirok etmaydi. Albatta, xorazmlik hunarmandlarning navbatdagi o‘tkaziladigan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining g‘oliblari qatorida bo‘lishlariga omad tilab qolamiz.

         Hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlarini sotish, xaridorlarga yetkazish uchun bozorlarni o‘rni katta. Xiva shahrida joylashgan bozorda ham  nafaqat xorazmlik hunarmandlarning qolaversa respublikaning barcha hududlaridan kelgan hunarmandlarning hunarmandchilik mahsulotlari sotiladi. Shu o‘rinda viloyat hunarmandlari mahsulotlarning sifatini, turini ko‘paytirishi ushbu bozorda ularning mahsulotlarining ko‘proq sotilishiga zamin yaratadi.

         O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, viloyat boshqarmasi kelgusida ham hunarmandlarning ichiga yanada ko‘proq kirishga, ular bilan ko‘proq suhbatlashish, muammolarining yechimini hal etilishida, usta-shogird maktabi asosida o‘quv kurslarini, hunarmandchilik mahsulotlarini eksporitini ko‘paytirishga va xorijda tashkil etiladigan ko‘rgazma, festivallarda viloyatning barcha hududlaridagi mahsulotlari jahon standartlariga javob beradigan hunarmandlarni jalb etishga, yangi hunarmandlarni kashf etishga e’tiborni yanada ko‘proq qaratadi. Xorazmlik hunarmandlarning tashabbuslari, fikr mulohazalari, takliflari har doim uyushmaning, boshqarmaning e’tiborida. Bugungi kunda tajribali rahbar bosh bo‘lmoqda.  Kelgusida ushbu viloyatda hunarmandlarning ishlariga omad tilgan holda, usta-shogird maktablarini ko‘payishiga tilakdoshmiz.

Uyushma Axborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati