Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Durdonalar loyihasida Toshkent kashtachilik maktabi haqida soʼz yuritamiz. Ushbu maqolani toshkentlik mashhur kashtadoʼz Madina Qosimboeva bilan hamkorlikda tayyorladik

Durdonalar loyihasida Toshkent kashtachilik maktabi haqida soʼz yuritamiz. Ushbu maqolani toshkentlik mashhur kashtadoʼz Madina Qosimboeva bilan hamkorlikda tayyorladik

Toshkent Oʼrta Osiyoning qadimiy shaharlaridan biridir. Eramizning I asrlarida Choch deb yuritiladi. Toshkent X asrlarda koʼchmanchilar bilan savdo-sotiq olib boruvchi shahar boʼlib, Binkent nomli yirik savdo-sotiq va hunarmandchilik markazi boʼlgan. XIX asrda Rossiya bilan savdo aloqalari kuchayadi, va oʼtgan asrning ikkinchi yarimlarida Toshkent Oʼrta Osiyoning savdo va hunarmandchilik markaziga aylanadi.
Toshkent kashtalarining bir qismi oʼz kooloriti va kompazitsiya bilan birga koʼchmanchilar gilamlarini eslatadi. Toshkent soʼzanalariga ikki xil yirik kashta mavjuddir. Bular “palak” va “gulkoʼrpa”. Palak soʼzi osmon maʼnosini bildiruvchi arab soʼzi “palak” dan kelib chiqqan deyiladi.

Palakning asosiy motivi katta toʼq qizil doiralar boʼlib, ular “oy”, “yulduz” deb ataladi va mato yuzasini zich egallaydi. Аvvallari yoshlarning oʼrinlari ustiga yopiladigan “gulkoʼrpa” ga oʼsimlik ornamenti tikilar edi, va fonning koʼp qismi tikilmay ochiq qolardi. Toshkent kashtachiligida bosma chok qoʼllanadi.
Qadim paytlari tikilgan kashtalar markazida rangorang nur taratuvchi doira yoki yogʼdu sochayotgan palьmetelli yulduz boʼlgan. Markaziy maydonning qolgan qismi doira yoki yonlama gulli shoxlar, oʼzakka tomon qayrilgan pastki barglar bilan toʼldirilgan .
Boshqa palaklarning markazida yonlama gulli gulchambarga oʼralgan doira boʼlib, u maydonni butun enini egallaydi, doiradan burchaklarga toʼrtta katta kamalaksimon taram-taram gullar oʼsib chiqadi. Bu kashtalar oʼzining goʼzalligi bilan ajralib turadi. Sharq madaniyati davlat muzeyidagi palak shunday kompazitsiyali palakning bir variantidir. Uning ham markazida doira boʼlib, burchaklariga gullar tikilgan.
XIX asrni ikkinchi yarmida toʼq toʼq barg chambarli, katta qirmizi-qizil doirali palaklar keng tarqalgan edi. Doiralarning soniga qarab “olti oyli palak”, “oʼn ikki oylik palak” deb yuritilardi.
Qadimgi palaklarda doiralar soni koʼp, keyinroq tikilganlarida esa kamroqdir. XIX asrda tikilgan 20 doirali palak mavjud. Xalq 40 doirali palaklar haqida maʼlumot beradi. Doiralar oʼzlarining bargambarglari bilan bir-birlariga tegib turadilar.Ular, oraligʼi esa tikib toʼldiriladi.
Keng hoshiyadagi xuddi shu kabi kichik doiralar berk chambar hosil qiladi. Hoshiyasi tor Toshkent palaklarida suyukli gul qizil rangli doiralar va barglardan hosil qilinuvchi koʼk krestga oʼxshash shakllardir. Hoshiyada pastki barglari oʼzakka tomon egilgan yon tasvirli gullar motivi kam uchraydi. Keyingi vaqtlarda tikilgan palakllar yuzasida deyarli ochiq joy qoldirilmaydi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Toshkent kashtalari butunlay oʼzgarib ketdi. Doiralar soni kamayib, razmeri kattalashdi, ular qatori oʼrnini yangi usuldagi bitta katta doira egallaydi. Bunday palaklar “oy palak”, “qiz palak”va “togʼora palak” deb ataladi. Ular bir tekis, fonda ochiq joy qolmaydigan qilib tikiladi.
“Oy palak”ning markazida ichiga yulduz tikilgan bitta doira boʼlib, ikkita yorqin aylanasi, “zuluk” deb ataluvchi kamalaka gajaklari boʼladi. Oʼsimliksimion ornamentlar bu kashtalarda juda sxematik chiqqan. XIX asr 90 yillarining kashtalari tishli chambar barglardan iborat boʼlsa, XX asr boshlaridagi palaklarda mavjud boʼlgan gulchambarlar oʼrnini kunguralar egallaydi. Kashta ranglari bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Rang-rang kamalak kabi hoshiyachalar och sariq va pushti rangli ipaklar bilan, chetiga esa kul rang chiziqlar tikilgan, qolgan joylari bir tekis toʼq qizil rangli ip bilan toʼldirilgan. Oʼsha vaqtdagi baʼzi bir kashtalarning sifati yaxshi boʼlishiga qaramay, koʼplari yoqimsiz rangli ipak bilan tikilgan. Bu esa ularning badiiyligini pasaytirgan.
Taassufki, 1980 yillarga kelib, “oy palak”, “yulduz palak”, “togʼora palak” singari Toshkent kashtadoʼzlik maktabi namunalarini tayyorlash anʼanalari unitildi. Hatto toshkentlik peshqadam kashtadoʼzlar ham 2000 yillar boshida Nurota, Buxoro, Shahrisabz kashtadoʼzlik maktabi usul va naqshu nigorlarni tiklash bilan mashgʼul boʼldilar. Toshkent maktabi anʼanalariga “loqaydsizlik”ni esa palaklarni tayyorlash texnikasining oʼta murakabligi bilan izohlash mumkin: Toshkent soʼzanalarining foni ham turli yoʼsindagi naqshlari kashta bilan qoplangan.Yaʼni sidirgʼasiga kashta tikish texnikasidan foydalanilgan (boshqa mintaqalarda tayyorlangan soʼzanalarda esa rangli matoning sirti fon vazifasini bajargan).Bu esa ortiqcha mashaqqat va xarajat talab etgan. Buning ustiga bitta yirik palakning tayyorlashga 7-8 oy muddat ketgan.
Qiyinchiliklarga qaramay mashhur kashtadoʼz Madina Qosimboeva ushbu zalvorli yumishga dadil kirishdi. U betkaror Toshkent kashtadoʼzlik maktabi anʼanalarini muvaffaqiyatli tarzda tiklab kelayotgan Oʼzbekistondagi yagona kashtadoʼz sanaladi. Uning 2016 yilda “Sehrli ipak jozibasi” nomili Toshkent kashtachilik maktabiga bagʼishlangan shaxsiy koʼrgazmasi Toshkent fotosuratlar uyida boʼlib oʼtgan. Loyiha muaalifi Binafsha Nodir. 2018 yili Toshkent kashtachilik maktabiga bagʼishlangan “Soʼzananing tugʼilishi” nomli yana bir shaxsiy koʼrgazma oʼtkazildi ikkila ijodkorlar tomonidan.

Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati