Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotda tug‘ildi

Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotda tug‘ildi

Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida bo‘lgan.  Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi  Shohrux hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo‘lajak podshoh Husayn…

Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida bo‘lgan.  Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi  Shohrux hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo‘lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan.

4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan.  1447 yil 12 martda mamlakat podshohi Shohrux vafot etgach, taxtga da’vogarlar orasida o‘zaro kurash boshlanadi. Navoiylar oilasi o‘z tinchligini ko‘zlab, Iroqqa ko‘chishadi.

Taf shahrida Alisher mashhur “Zafarnoma” tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin iz qoldiradi.  Gʻiyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat o‘tgach, qaytadi. Abulqosim Bobur Gʻiyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. 

Alisher Navoiy Hirotda qolib o‘qishni davom ettirdi. U she’riyatga g‘oyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan o‘rgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zo‘r havas tug‘dirgan edi. Tog‘alari Mirsaid – Kobuliy, Muhammad Ali -Gʻaribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez to‘planishib, mushoira qilishar, adabiyot va san’at haqida suhbatlashar edilar. 

Alisher 10-12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning: Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh matla’li g‘azalini tinglab: “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiyda Navoiy, forsiyda Foniy taxalluslari bilan yozgan.

Author: Uyushma axborot xizmati