Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > O'zbekiston qahramonlari > Ablakulov Nu’mon Maxkamovich «O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi

Ablakulov Nu’mon Maxkamovich «O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi

Ablokulov Nu’mon Maxkamovich 1997 yildan «Hunarmand» uyushmasi a’zosi. N. Ablokulov 1964 yil Urgut shahrida usta hunarmandlar oilasida  tug‘ilgan. U yoshligidanoq otasi, urgutlik mashhur Abdullo kulol sulolasining yettinchi avlodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi ko‘rgazmalari ishtirokchisi Mahkam Obloqulov ustaxonasidan chiqmas edi. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarida xalq amaliy san’atining eng qadimiy…

Ablokulov Nu’mon Maxkamovich 1997 yildan «Hunarmand» uyushmasi a’zosi. N. Ablokulov 1964 yil Urgut shahrida usta hunarmandlar oilasida  tug‘ilgan.
U yoshligidanoq otasi, urgutlik mashhur Abdullo kulol sulolasining yettinchi avlodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi ko‘rgazmalari ishtirokchisi Mahkam Obloqulov ustaxonasidan chiqmas edi.
O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarida xalq amaliy san’atining eng qadimiy sohalaridan biri kulolchilik sirlarini mukammal o‘rgandi.

Odatda kulollar 3 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritishadi, ko‘zagarlar-vertikal formali mahsulotlar ustalari, kosagarlar-gorizontal formali mahsulotlar ustalari va tandirsozlar.
Usta Nu’mon kulolchilikning shu uchala yo‘nalishi bo‘yicha ham faoliyat yuritadigan yetuk usta bo‘llib yetishdi.

U sopol buyumlar yasashda qoliplar, shablonlardan foydalanmaydi, faqat oddiy charxda qo‘lda ijod qiladi. Usta balandligi 80 sm gacha bo‘lgan ko‘za va vazalar, diametri 70 sm ortiq bo‘lgan laganlar va 200 litrgacha bo‘lgan hajmli xumlarni tandir yasash uslubida bajaradi.

Sopollarga sayqal berishda ham mahalliy xom ashyolar, oq tosh (kvars), mis va temirning kuydirilishidan olinadigan oksidlar yordamida buyoq tayyorlaydi.

N. Ablokulov yaratgan betakror sopol buyumlar Yaponiya, AQSh, Fransiya, Gollandiya, Germaniya, Rossiya, va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlar ko‘rgazmalarida ishtirok etgan. Amerika, Yevropa va bir qator Osiyo davlatlari muzeylaridan, shaxsiy kolleksiyalardan o‘rin olgan.

Urgutlik  kulollar sulolasining sakkizinchi avlodi N. Ablokulov yetti pusht ajdodlari shuhrat qozongan kulolchilik sirlarini sulolaning to‘qizinchi avlodlari farzandlari Inomjon va Muhammadlarga o‘rgatib kelmoqda.
Ota kasbini ardoqlayotgan farzandlar ham Urgut kulolchilik maktabi shuhratini yanada ko‘tarish, boqiyligini taxminlash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqdalar.

N. Ablokulovning ustaxonasiga har kuni shogirdlari kelishib kulolchilikning sir asrorlarini o‘rganishadi. Kulolning hozirda 100 dan ortiq shogirdlari bor. Ular yakka tartibda ham faoliyat olib borishmoqda.
N. Ablokulov milliy hunarmandchilikning ushbu yo‘nallishini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan ustalardan hisoblanadi.

Author: Uyushma axborot xizmati